2020-03-18

Ob'yektlarga nom berish — shaxsiy ish emas

Til millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulkidir.  Har bir tilda shu tilning ijodkori bo‘lgan xalqning tarixi va madaniyati, olamni anglash uslubi, borliqni ko‘rar ko‘zi aks etadi.

Toshkent davlat o‘zbek tili va va adabiyoti universitetida Innovasion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlangan “O‘zbek tilida neyming: me'yoriy-huquqiy asoslarni yaratish” amaliy loyihasi davlat tili nufuzini mustahkamlash yo‘lidagi muhim islohotlardan biridir.

Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tilimiz ravnaqi yo‘lida dasturilamal hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur farmonda davlat tili masalasi milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lishi zarurligi, bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta'minlashi, bu borada, avvalo, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiyligi alohida qayd etildi.

Loyihaning maqsadi

Prezidentimiz o‘tgan yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi tantanalarida so‘zlagan ma'ruzasida ham jamoat joylari, ko‘chalardagi toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, ma'naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilayotgani, bu masala jiddiy o‘rganib chiqilishi va tartibga solinishi zarurligi haqida kuyunchaklik bilan gapirdi. Haqiqatan ham, ushbu masala tilimiz kelajagiga befarq bo‘lmayotgan har bir insonning ko‘nglidagi eng og‘riqli masalalardan biridir. Shu bois, savdo ob'ektlari, mahsulotlar, ularning brendi nomlarini to‘plash, statistik va lingvistik jihatdan tahlil qilish, tartibga solish va o‘zbek tilida nom yaratishning me'yoriy asoslarini ishlab chiqish, o‘zbek tilida nom yaratish texnologiyasining milliy va umuminsoniy jihatlarini asoslash loyihaning asosiy maqsadi etib belgilandi. Qolaversa, mazkur loyiha orqali o‘zbek xalqining milliy-madaniy qarashlari, mentaliteti hamda o‘zbek adabiy tili me'yorlariga asoslangan nom yaratishning elektron dasturiy ta'minotini, nom yaratish bilan bog‘liq tavsiyalarni, uslubiy ko‘rsatmalarni, “Hududiy nomlar ko‘rsatkichi”ni tayyorlash ham ko‘zda tutilgan.

Neyming texnologiyasining zarurati

O‘zbekiston bugungi kunda jahon hamjamiyatida tobora mustahkam o‘rin egallab bormoqda. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg‘asi tushurilgan mahsulotlarimiz jahon bozorida o‘z iste'molchisini topmoqda. Ularning xaridorgirligida muvaffaqiyatli tanlangan nomlar muhim o‘rin tutishini unutmaslik kerak.

Nom yaratish masalalari bilan shug‘ullanuvchi neyming texnologiyasi o‘zbek marketologiyasiga kirib kelganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lmadi. O‘tgan asrdan boshlab dunyo iqtisodiyotida raqobatning tobora kuchayib borishi ishlab chiqarish, savdo-sotiq ob'ektlari, mahsulotlarga nom berish, nomni brend darajasiga ko‘tarish masalasiga jiddiy yondashuvlarni taqozo qila boshladi. Mana shu ehtiyoj yurtimizda ham neyming sohasining yuzaga kelishi va kasbiy faoliyat darajasiga ko‘tarilishiga turtki berdi.

O‘zbekcha nomlar zaxirasini yaratish

Bugungi kunda dunyo tilshunosligida neyming masalalari bilan shug‘ullanuvchi yangi soha - neyming lingvistikasi tilshunoslik va marketologiyani uyg‘unlashtirgan fan sifatida taraqqiy etmoqda. Korxona, firma, ishlab chiqarish, savdo ob'ektlari hamda mahsulot, uning brendiga nom yaratib berish xizmatlarining yo‘lga qo‘yilgani ham bu sohaning dunyo miqyosida ildam rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Afsuski, bu turdagi xizmat ko‘rsatish yurtimizda hali yo‘lga qo‘yilgan emas. O‘zbek tilida nom yaratish xizmatlarini ochish, o‘zbekcha nomlar zaxirasini tashkil etish tilshunosligimizning dolzarb muammolaridan biridir.

Nom tanlashda tadbirkorlarga imkoniyat

Bugun shahrimiz ko‘chalarida turli ob'ektlarga qo‘yilgan “Somsa siti”, “Lenta”, “Piramida”, “Begemot”, “Tri apel'sina”, “Arbuz”, “Triumf”, “Prestij” kabi nomlarni ko‘rib, ta'bingiz xira bo‘ladi.

Ishlab chiqarish sub'ekti, tadbirkor uchun o‘z korxonasi, ishlab chiqarayotgan mahsuloti, uning brendiga nom qo‘yish mas'uliyatli vazifa, albatta. Nomni yaratishda jamiyat a'zolarining dunyoni qay tarzda anglashi, milliy-madaniy qarashlari, mentaliteti, voqelikka munosabati kabilarni ham e'tiborga olish muhim. Jamiyat a'zolari uchun yot bo‘lgan yoki ular tafakkurida salbiy tasavvur uyg‘otuvchi nomlar samarali kommunikativ muloqotni hosil qila olmaydi. 

Ayni paytda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanib borayotganligini hisobga olsak, bir-birini takrorlamaydigan, yangi nomlarni topish ham oson emas, albatta. Buning uchun esa kompaniya, firma, brend hamda ishlab chiqarish, savdo ob'ektlari, mahsulotlarga nom qo‘yish jarayonini yengillashtirish, xalqimizning milliy an'analari va mentalitetiga yot nomlar berilishining oldini olish, ularning O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi qonuniga mos bo‘lishini ta'minlash maqsadida uslubiy ko‘rsatmalar, nomlar zaxirasini yaratish lozim.

Muammo hal etish amalda qo‘llanilayotgan nomlarni tartibga solishga yordam beradi, yangi ishlab chiqarish mahsulotlariga nom berish jarayonida til me'yorlari buzilishining oldini olishga xizmat qiladi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda esa mazkur yangi loyiha o‘ziga xos o‘rin tutadi.

Aytish kerakki, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida tashkil etilgan “O‘zbekcha nom yaratish” laboratoriyasida o‘zbek tilida mavzuiy nomlar bazasini shakllantirish bo‘yicha tashkiliy ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, internet tarmog‘ida uz.nom.uz sayti yaratilib, o‘zbekcha nomlash xizmati tashkil etilgani sohadagi ishlarni yanada takomillashtirish, tadbirkor xalqimiz uchun milliy tilimizda nom yaratish ishiga hissa qo‘shadi, degan umiddamiz.

Muyassar Saparniyazova, filologiya fanlari nomzodi, dotsent