2020-01-26

Neyming texnologiyasi: tilda neymlarning yaratilishi

Tilshunoslikda keng maʻnoda neyming sifatida har qanday nom tushuniladi. Ammo neyming termini koʻpincha ishlab chiqarish sohasi bilan bogʻliq obyektlar, savdo mahsulotlari, ularning brendi uchun nom yaratishga nisbatan faol qoʻllaniladi.

Har qanday ishlab chiqarish obyekti yoki mahsulot, uning brendi nomlanar ekan, unda milliy-madaniy qarashlar, tasavvurlar, psixologik omillar, ijtimoiy voqelik oʻz ifodasini topishi maʻlum. Neym (nom) orqali inson tafakkurida muayyan savdo mahsuloti, ishlab chiqarish obyekti, kompaniyalarga xos eng muhim jihatlar tasavvuri shakllanadi. Bunday tasavvurlar yigʻindisi inson ongida mahsulot, uning brendi yoki ishlab chiqarish obyekti obrazining shakllanishiga olib keladi. Albatta, muayyan mahsulot yoki ishlab chiqarish obyekti, savdo markalarining bu tarzdagi obrazi milliy-madaniy qarashlar, dunyoqarash, tasavvurlar subyektiv munosabat bilan boyitilgan obraz hisoblanadi.

Neymlarda til egalarining milliy-madaniy qarashlari aks etar ekan, uni bu jihatdan oʻrganish har bir tilda nomlash mexanizmining oʻziga xos jihatlarini aniqlashga yordam beradi. Tilshunoslikda bu tipdagi neymlar – turli ishlab chiqarish obyektlari, savdo mahsuloti, uning brendi nomlarida oʻz ifodasini topgan milliy-madaniy jihatlarni tadqiq etish lingvokulturologiyaning oʻrganish obyekti hisoblanadi. Anglashiladiki, neyming texnologiya sifatida nafaqat ishlab chiqarish, marketing sohasi va isteʻmolchi talabi, balki milliy madaniyat, tilshunoslik aspektlarini ham qamrab oladi.

Neyming murakkab ijodiy lingvistik jarayon sifatida uni yaratuvchidan til me‘yorlarini mukammal bilish, uning ta‘sir kuchiga toʻgʻri baho bera olish, nom yaratishda til birliklaridan oʻrinli va maqsadga muvofiq tarzda foydalanish mahoratiga ega boʻlish, nom orqali samarali kommunikativ muloqotni yarata olish qobiliyatini talab etadi.

Har qanday ishlab chiqarish obyekti yoki mahsulot, uning brendi nomini yaratishda jamiyat a‘zolarining dunyoni qay tarzda anglashi, milliy-madaniy qarashlari, mentaliteti, voqelikka baho munosabati kabilarni e‘tiborga olish muhim oʻrin tutadi. Jamiyat a‘zolari uchun yot boʻlgan yoki ular tafakkurida salbiy assotsiatsiyalarni hosil qiluvchi nomlar samarali kommunikativ muloqotni hosil qila olmaydi.

Neym, avvalo, oʻz-oʻzini baholovchi akt sifatida yuzaga chiqadi. Neym ishlab chiqarish obyekti yoki mahsulot, uning brendini oʻziga oʻzi baho berish kabi tasvirlaydi. Demak, har qanday neymda obyektga berilgan subyektiv baho oʻz ifodasini topadi. Bunda neym orqali ishlab chiqarish obyekti yoki savdo mahsuloti haqida ma‘lumot olish imkoniyati tugʻiladi. Aslida neym mahsulot mohiyatiga ishora qiluvchi, unga urgʻu beruvchi nom boʻlishi lozim.

Ba‘zan ishlab chiqarish obyekti, savdo mahsuloti, uning brendi nomini mashhur pretsedent nomlar bilan atash hollari kuzatiladi. Bunday neymlar mahsulot haqida hech qanday ma‘lumot tashimasa-da, inson xotirasida tez va oson saqlanib qoladi. Koʻrinadiki, ishlab chiqarish obyekti yoki mahsulotning muvaffaqiyati muayyan darajada toʻgʻri tanlangan neymga ham bogʻliq. Ammo neyming tarixida aksincha holatlar ham kuzatiladi. Mahsulotning iste‘molchi tomonidan keng qabul qilinishi uning nomining tarqalishi va mashhur boʻlishiga olib kelgan holatlar ham mavjud. Masalan, Adi Dasslerga tegishli Adidas firmasining nomi shaxs nomi asosida yaratilgan boʻlib, u mahsulot haqida ma‘lumot tashimaydi. Biroq mashhur nom sifatida inson xotirasidan mustahkam oʻrin egallay olgan. Yoki mashhur Apple kompaniyasining nomi uning egasi Stiv Jobsning eng yoqtirgan mevasi nomi bilan atalgani ham ushbu nomning mahsulot mashhurligi orqali keng tarqalganidan dalolat beradi.

Bizningcha, tilda nom (neym)larni yaratishda quyidagi jihatlarga e‘tibor qaratish maqsadga muvofiq:

    Neymning ishlab chiqarish obyekti, mahsulot, uning brendi haqidagi eng muhim ma‘lumotlarni aks ettirishi.

    Neymni yaratishda tilning adabiy me‘yorlariga rioya etilishi.

    Neymning til egalarining umummilliy madaniy qarashlari, an‘analari, mentaliteti, dunyoqarashi, psixologiyasiga zid kelmasligi.

    Neymning ijtimoiy-siyosiy tizim tamoyillariga zid kelmasligi.

    Neymning insonda yolgʻon tasavvur uygʻotmasligi, aksincha, uni oʻziga jalb etishi, tasavvurida ijobiy munosabat hosil qilishi hamda xotirasida tez va oson saqlanib qolishi.

    Neyning til egalari uchun tushunarli, aniq hamda talaffuzga oson boʻlishi.

    Neymning kommunikativ muloqot uchun xizmat qilishi.

    Neymning mahsulot va iste‘molchi oʻrtasida aloqa koʻprigi vazifasini bajarishi.

    Neymning boshqa nomlar bilan oʻxshash boʻlib qolmasligi, ular anglatgan mahsulotlarni yodga solmasligi kabilar.

Xullas, neyming murakkab ijodiy jarayon. Nom yaratishda til me‘yorlariga amal qilish barobarida xalq madaniyati, dunyoqarashi, mentaliteti, psixologiyasi kabilarni ham inobatga olish lozim. Shundagina nom mahsulot va iste‘molchi yoki ishlab chiqarish obyekti va iste‘molchi oʻrtasida kommunikativ manfaatli aloqa vazifasini bajaradi.

Muyassar Saparniyozova